Reklama shunchalar muhimmi?

"Reklama" so'zi lotincha "reklamere" so'zidan olingan bo'lib, "jar solmoq", "baqirmoq" degan ma'nolarni anglatadi. Bir so'z bilan aytganda, reklama - mahsulot to'g'risida tarqaladigan maxsus axborotdir. 

Mashhur professor Loyd Djord shunday degan edi: 

"Men har yili yozda Men ko'liga baliq oviga boraman. Men qaymoqli qulupnayni yaxshi ko'raman, lekin baliqlarning chuvalchanglarni yaxshi ko'rishini bilib qoldim. Shuning uchun ovga borayotganda o'zimning nima xohlashimni emas,baliqlar nima xohlashini o'ylayman. Ovga qaymoqli qulupnay emas, chuvalchang olib boraman."

Reklama mutaxassislarini kuchli psixologlar desak, mubolag'a bo'lmaydi. Ular inson ongiga aynan shu yo'l bilan ta'sir o'tkazishadi. Iste'molchilarning xohish-istaklarini o'rganib, shunga mos "qarmoqqa ilintirishga" harakat qilishadi. Misol uchun, "Loreal" dan shampun reklamasi: "To'g'ri, bu qimmatroq. Ammo men bunga munosibman!" Albatta, bu kabi psixologik ta'sir ko'pchilik aholini o'ziga jalb qila oladi. 

Bundan tashqari, tobora rivojlanib borayotgan reklamalar raqobatchi mahsulotlardan qaysi jihatlari afzalligini e'tirof etish bilan shov-shuvga va katta qiziqishga erishmoqdalar. O'zingiz ham eshitgandirsiz, "Olma - temir moddasiga juda ham boy. Endi, Galaxy A bilan undan-da ko'proq qulayliklar................. Ha aytgancha, olma selfie ololmaydi." 

Bu kabi misollarni ko'plab keltirish mumkin.

O'zbekistonda reklama qancha mablag' talab qilishiga hech ham qiziqib ko'rganmisiz? Ularning narxlari haqida ham qisqacha to'xtalib o'tmoqchiman:

  • Televideniye - eng qimmat reklama maskani, chunki undan deyarli butun aholi foydalanadi va uning imkoniyati ko'proq (ham ovoz bilan, ham namoyish etish bilan). Narxi o'rtacha 400-500 $ 3 daqiqalik bir namoyish uchun
  • Radio - undagi e'lonlarni faqat eshitish mumkinligi va omma tomonidan keng foydalanilmaganligi uchun arzonroq. O'rtacha 100 $ bir eshittirish uchun
  • Ko'chalarda chorrahalardagi, yo'l chekkalaridagi plakatlar - oyiga 3 million
  • Gazeta va jurnallar - yoziladigan so'zlar soniga qarab. O'rtacha bitta so'z 800-1000 so'm
  • Internet saytlari orqali - hammasida turlicha.

Reklama va u bilan bog'liq jarayonlar hayotimizda juda keskin tus olmoqda. Lekin, reklama qilinayotgan mahsulotlarni iste'mol qilish, unga ishonish, xarid qilish juda ko'p qonuniyatlarga bo'ysunadi. U insonlarga har xil ta'sir kuchiga ega. G'arbliklar uchun reklama qilinayotgan mahsulotning o'ta ajabtovur qilib ko'rsatilishi, kuchli motiv rolini o'ynab, ular ertasi kuniyoq aynan shu tovarni xarid qilishar ekan. Sharq xalqlari uchun esa "Yaxshi mol reklamaga muhtoj emas" degan ba'zan reklamani yengib ketadi. 

Xo'sh, tadbirkorlar millionlab sarflayotgan millionlab pullari o'zini qay darajada oqlamoqda? Shu reklamalar bizning xarid jarayonimizga qanchalik ta'sir ko'rsatyapdi? Aynan sizning hayotingizda reklama qanday ahamiyatga ega?

Dilshoda ASAMIDDINOVA