Muvaffaqiyatga erishishda nima muhim? Motivatsiyami yoki tirishqoqlik odati?

Kanadalik jurnalist va yozuvchi Malkolm Gladvellning Outliers: The Story of Success kitobini o‘qish jarayonida juda ham bir qiziq ma’lumotni uchratdim. Muallifning yozishicha biron-bir sohada muvaffaqiyatga erishish uchun va ushbu sohaning haqiqiy ustasiga aylanish uchun kamida 10,000 (o‘n ming) soat davomida ushbu soha bilan muntazam ravishda shug‘ullanish va mashq qilish zarur ekan. Muallif ushbu fikrni shvetsiyalik psixolog, Andres Eriksonning tadqiqotlariga tayanib keltiradi va namuna sifatida bir qancha mashhur insonlarning muvaffaqiyatga erishishida ushbu 10,000 soatlik qoida katta o‘rin tutganini takidlab o‘tadi.

 

Ular orasida Microsoftning asoschisi, Bill Geyts ham bo‘lib, Geytsning aytishicha, o‘smirlik chog‘ida u yashaydigan shahardagi kollejda yangi kompyuter laboratoriyasi endigina ochilgan va ushbu laboratoriya kompyuter ixlosmandlari uchun 24 soat davomida ochiq bo‘lib, u yerda kompyuterda ishlash va dasturlash imkoniyati yaratilgan. Geyts o‘qishdan tashqari barcha bo‘sh vaqtini ana shu laboratoriyada o‘tkazib, turli xil dasturlar yaratish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Hattoki Geytsning ota-onasi unga biror qilmishi uchun laboratoriyaga borishni taqiqlashsa ham, Bill Geyts, kechasi hamma uxlaganidan so‘ng ushbu laboratoriyaga borib, erta tonggacha kompyuterni dasturlash bilan shug‘ullangan. Ushbu vaqtdan boshlab  toki ilk Windows dasturini yaratguncha, ya’ni  1968-yildan to 1975-yilgacha (7 yil davomda) Bill Geyts 10,000 soatdan oshiq dasturlash bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelgan.  

Bill Geyts va boshqa mashhur insonlarning namunalarini o‘qib, o‘zim tanigan va Sahar maktabi talabalariga yaxshi tanish bo‘lgan, Nodir Turakulovga bir nechta savollar bilan murojaat etdim. Nodir Turakulov hozirda Google kompaniyasida dasturlovchi bo‘lib ishlaydi. Nodirdan Google kabi dunyoning yetakchi kompaniyasiga ishga taklif etilishi va dasturlashni o‘rganishida unga nimalar yordam berganini so‘raganimda, Nodir birinchi navbatda: “Dasturlashga bo‘lgan katta qiziqishim va 14 yil davomida muntazam ravishda dasturlash bilan shug‘ullanib kelganimning natijasidir”, deb aytdi. Nodir 7-sinfdan boshlab kompyuterni dasturlashga qiziqa boshlaganliklari va kechayu-kunduz tinmay dasturlash bilan shug‘ullanganligini misol keltirdi. Shuningdek, faoliyatidagi barcha ishlar dasturlash bilan bog‘liq bo‘lganligini va agar hisoblab chiqsak 8 yil davomida haftasiga 5 kun, kuniga 8 soatdan vaqt sarflaganligini inobatga olsak, taxminan 16,000 soat davomida dasturlash bilan muntazam shug‘ullanganligi namoyon bo‘ladi. Gladvellning kitobini o‘qish davomida va Nodir bilan bo‘lgan suhbat natijasida biror sohada muvaffaqiyatga erishish uchun ushbu soha bilan muntazam ravishda tinim bilmay shug‘ullanish qanchalik muhim ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldim.

 

Yuqoridagi ma’lumotlar ushbu blogni yozishimga va sizlar bilan bo‘lishishimga sabab bo‘ldi. O‘zi anchadan beri ma‘lum sohada muvaffaqiyatga erishishda motivatsiya muhimmi yoki kishi o‘zi qiziqqan soha bo‘yicha tirishqoqlik bilan muntazam ravishda shug‘ullanish odatini hosil qilish muhimmi degan savollarga javob qidiraman. Shuningdek, Sahar maktabi ishtirokchilari bilan tez-tez bo‘lib turadigan suhbatlarimiz davomida muvaffaqiyat sirlari, qanday qilib muvaffaqiyatli loyiha yaratish yoki ishtirokchilarning mavjud loyihalarini qanday qilib muvaffaqiyatli amalga oshirish mumkin kabi savollarni juda ham ko‘p uchratdim. Ushbu savollarga javob qidirish davomida zamonaviy psixologiya va xulq-odat iqtisodiyoti tadqiqotlariga asoslangan kitoblarni va maqolalarni varaqladim va ular yordamida bir qancha xulosalarga keldim.

 

Sahar maktabi ishtirokchilari va umuman boshqa yoshlarimiz bilan suhbat davomida biror-bir sohada muvaffaqiyatga erishmaganliklarining  sababi yoki loyihani amalga oshirilmaganining sababi qilib asosan motivatsiya (ya’ni ishtiyoq) yo‘qligi yoki ishlash davomida qiyinchilikka duch kelish natijasida motivatsiya yo‘qolib, loyihani tashlab qo‘yish holatlari haqida juda ham ko‘p eshitaman. Agar motivatsiya bo‘lsa edi, hammasi muvaffaqiyatli amalga oshar edi, degan fikr hukmronlik qiladi go‘yo. Ushbu savolga javob izlash davomida muvaffaqiyatga erishishda motivatsiya muhim omil ekanligi, lekin faqatgina motivatsiyaga tayanish yoki motivatsiyani kutib yashash bilan muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi degan xulosaga keldim. 

 

Chunki, motivatsiya psixologik jihatdan tutqich bermaydigan hissiyot bo’lib, u bugun bor ertaga esa ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra yo‘q bo‘lishi mumkin. Shuningdek, ish jarayonida istasak ham va istamasak ham qiyinchiliklar va turli xil to‘siqlar bo‘lishi tayin. Ushbu qiyinchiliklarga uchragan vaqtda motivatsiyani saqlab turish va unga asoslangan holda ishlash juda ham qiyin bo‘ladi. Agar faqatgina motivatsiyaga tayangan holda ish yuritsak, ilk qiyin dovonni oshib o‘tishdayoq taslim bo‘lishimiz va boshlagan ishimizni tashlab qo‘yishimiz turgan gap.

 

Motivatsiya - biz bu ishni nima uchun amalga oshirmoqchi ekanligimizni va rejamiz amalga oshganda nimaga erishishimiz mumkinligi eslatib turishda juda ham katta ahamiyat kasb etadi. Lekin o‘sha oxirgi maqsadga erishguncha biz har kuni tirishqoqlik bilan muntazam ravishda ishlash odatini hosil qilishimiz juda ham muhim. Amerikalik jurnalist va yozuvchi Charlz Duhigning The Power of Habit (Ko‘nikma va odatning kuchi) kitobida yozishicha inson miyasi o‘z ish jarayonida energiyani tejash maqsadida deyarli barcha narsani avtomatlashtirilgan holatga keltirar ekan. Shuning uchun ham biz yangi bilim yoki qobiliyatni o‘rganayotganimizda tezda charchab qolamiz va boshida bu bizga katta qiyinchilik tug‘diradi. Lekin, agar biz ushbu yangi faoliyatni doimiy ravishda amalga oshirishda davom etsak, ma’lum bir vaqt o‘tganidan so‘ng ushbu jarayon o‘z-o‘zidan avtomatlashgan holatga o‘tib ortiqcha urinishsiz amalga oshira olishimiz odat tusiga aylanadi. Eng oddiy misol: barchamiz o‘qishga va ishga borish uchun hafta kunlari davomida erta turishga majburmiz, boshida bu juda qiyin, lekin keyinchalik ushbu tartibga amal qilishimiz oson bo‘ladi, hattoki ma’lum vaqtdan keyin shanba va yakshanba kunlari zaruriyat bo‘lmagan taqdirda ham erta tongdan uyg‘onishimiz odat tusiga kiradi. Bu bizning miyamiz yangi dastur asosida ishlay boshlaganidan darakdir. 

Yoki boshqa bir misol: Hech ham erta tongdan turib yugurish va mashq qilishni boshlaganmisiz? Avvaliga erta tongda turish, keyin esa mashq qilish juda ham qiyin bo‘lishini, vaqt o‘tgan sayin esa agar ertalabki yugurishni ma’lum sababga ko‘ra o‘tkazib yuborsangiz kuni bilan bir narsani yuqotgandek bo‘lasiz. Agar ushbu ikkala misol sizda ishonch hosil qilmasa, quyidagi tajribani o‘zingizda sinab ko‘ring. Hozirda deyarli barchamiz smartfonlardan foydalanamiz, doimiy ravishda elektron xatlarni o‘qish, Facebook, Odnoklasniki, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarni kun davomida bir necha (ayrimlar yuzlab) marta tekshirishimiz odatga aylangan. Ertaga, telefoningizni bir kunga uyda qoldirib ko‘chaga chiqing yoki bir kun davomida telefondan foydalanmaslikka harakat qilib ko‘ring. Ushbu kun davomida necha marotaba telefoningizni qidirib qo‘lingizni cho‘ntagingizga yoki sumkangizga solishingizni, keyin esa bugun telefonsiz kun ekanligini eslab sizga bir narsa yetishmayotgandek his qilishingizni kuzating. Aminmanki, ushbu kun sizning telefoningizga qanchalik o‘rganib qolganingizni ko‘rsatib beradi, hattoki zarur bo‘lmagan vaqtda ham undan foydalanishga o‘rganib qolganingizni his etasiz.

 

Ushbu misollarni keltirishimdan maqsad esa har bir odatga ko‘nikma hosil qilish uchun ma’lum vaqt sarflanishini va ushbu odatdan voz kechish uchun undan ham ko‘proq vaqt ketishini va yangi odatni hosil qilish uchun ham ma’lum muddat vaqt muhimligi zamonaviy psixologlarning taqdiqotlari davomida isbotlanganligini aytib o‘tishdir. Charlz Duhiggning yozishicha, yangi odatni hosil qilish uchun eng kamida 21 kun davomida bir ishni takror va takror har kuni amalga oshirish kerak.

 

Demak, har bir inson yangi bir bilim va qobiliyatni o‘rganishi va ushbu o‘zlashtirish jarayonini avtomatlashtirishi, ya’ni odat tusiga kiritish imkoniyatiga ega. Faqatgina, ozgina sabr va tirishqoqlik bilan ushbu maqsadga erishish uchun mehnat qilsa bas.  Ushbu jarayon muvaffaqiyatga erishishning formulasi desak ham bo‘ladi. 

 

Shuning uchun ham yangi loyihangizni amalga oshirish uchun va ushbu loyihani muvaffaqiyatga aylantirish uchun har kuni mehnat qilishni odat tusiga aylantirishingiz zarur. Bu ishni amalga oshirish osonlik bilan kechmasligi aniq, lekin ishoning, ma’lum vaqt o‘tganidan so‘ng ushbu jarayon o‘z-o‘zidan sizning ertalab turib yuz-qo‘lingizni yuvish odati bo‘lganidek bir jarayonga aylanadi va ana shunda siz muvaffaqiyat sari dadil qadam tashlayotganingizni his etasiz. Motivatsiyaga keladigan bo‘lsak, siz nima bilan shug‘ullanishni obdon o‘ylab, o‘z qiziqishingizdan kelib chiqqan holda ish boshlang. Shunda muvaffaqiyatga eltuvchi uzoq yo‘l qiziqarli bo‘ladi.

 

Ushbu blogni Amerikalik mashhur tadbirkor va kashfiyotchi Tomas Edisonning so‘zlari bilan yakunlamoqchiman. Edisondan uning qobiliyati va muvaffaqiyatlarining siri nimada ekanligi deb so‘rashganda, u shunday deb javob bergan ekan: “Bir foiz iqtidor (va qobiliyat), 99 foiz terlash, ya’ni mehnat qilish talab etiladi. Men bir narsani kashf etish uchun 10 ming marta muvaffaqiyatsizlikka uchramadim, balkim 10 ming ta ishlamaydigan yo‘llarini o‘rgandim”. Barchangizga foydali, natija beradigan va muvaffaqiyatga yetishtiradigan odatni shakllantirishni tilab qolaman.

 

Sherzod GULAMOV

 

Ushbu blogda bildirilgan fikr va mulohazalar quyidagi kitoblarda keltirilgan ma'lumotlarga asoslanib bildirildi: 

1. Malcolm Gladwell, "Outliers: The Story of Success", Little, Brown and Company, 2011. 

2. Charles Duhigg, "The Power of Habit: Why We Do What We Do in Life and Business", Random House, 2014. 

 

Shuningdek, blog mulallifi va Sahar maktabi, ushbu blogni yozishda o‘z fikrlari va tajribasi bilan o‘rtoqlashgan, Nodir Turakolovga o‘z minnatdorchiligini bildiradi. Nodir Turakulov, Google-da Software Engineer lavozimida faoliyat ko‘rsatadi va Sahar Maktabi talabalariga Mentor sifatida yordam berishga tayyor. 

Izohlar

Feruzkin Mamirova's picture
Ajoyib ma'lumotlar ekan, katta rahmat Sahar Makatabi! To'g'risini aytsam yozganlaringizni o'qib juda ko'p narsalarni o'rgandim/bildim va o'zimda siz bergan ma'lumotlarni shakillantirishni niyat qilip qo'ydim)) Muvaffaqiyatga erishishda Motivatsiya muhimmi yoki Tirishqoqlik odatimi degan savolga kelsak, mening fikrimcha tirishqoqlik juda ham muhim va bunga men ishonaman. Siz bildirgan misollarda ham muvaffaqiyatga erishish uchun muntazam ravishta tirishqoqlik bilan mehnat qilish kerak deyilgan men bu fikrni to'laqonli qo'llab-quvvatlayman. Sahar Maktabi yozganlaringizni ichida menga eng eng eng yoqqan joyi bu "10.000 soat shug'ullanish kerak" degan joyi bo'ldi.
Shuhrat Yunusov's picture
Ajoyib maqola, agar barchamiz tirishqoq bo'lganimizda, yurtimizga yanada foyda keltirgan bo'lardik.