Mahalliylashtirish dasturi - ijtimoiy tadbirkorlikning rivojlanishi uchun muhim dastur-amal.

Mustaqillik yillari respublikamizda ham demokratik davlat qurish yo'lida ko'plab ishlar amalga oshirildi va bu harakat keng ko'lamda davom ettirilmoqda. Har tomonlama asoslangan samarali tadbirlarni uzluksiz amalga oshirilishi tufayli O'zbekiston Respublikasida erishilayotgan yutuqlar xalqaro maydonda ham e'tirof etilmoqda. Milliy iqtisodiyotda mahalliylashtirish tadbirlarini keng ko'lamda yo'lga qo'yib, ularning uzluksiz va bosqichma-bosqich davom ettirilishi mamlakatimizda raqobatdosh iqtisodiyotni shakllantirish yo'nalishidagi muhim tadbirlardan biridir. Demak, mahalliylashtirish tadbirlarini milliy iqtisodiyot uchun talab etilayotgan yangi munosabatlarning eng muhimlaridan biri deb qarab, uning barcha jihatlarini ilmiy tadqiq etishni davr taqozo etmoqda.

Mahalliylashtirish (ayrim manbalarda lokalizatsiya deb ham yuritiladi) tushunchasi ko'pchilik uchun yangi tushuncha hisoblanadi. Shuning uchun avvalo ushbu tushunchaga izoh berib o'tsak maqsadga muvofiq bo'lardi deb o'ylayman. Mahalliylashtirish - bu mavjud ichki va mahalliy yordamchi xo'jaliklar tomonidan yetishtirilgan xomashyo va resurslardan foydalangan holda import tovarlarini o'rnini bosuvchi hamda eksportbop tovarlar ishlab chiqarish jarayonidir. Mahalliylashtirish dasturi esa mahalliylashtiriladigan mahsulotlar va korxonalar ro'yxatini o'z ichiga oladigan, ularni amalga oshirish uchun zarur moliyaviy manbalar ko'rsatilgan hamda iqtiodiy ko'rsatkichlar aniq ifodalangan texnik-iqtisodiy asoslangan chora-tadbirlar majmuidir.

Mahalliylashtirish dasturining asosiy maqsadi - O'zbekiston Respublikasida eksportga mo'ljallangan va import o'rnini bosadigan raqobatbardosh zamonaviy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, mahalliy xomashyo va mineral resurslar negizida ichki va tashqi bozor talablariga javob beradigan mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag'batlartirishdan iborat. Demak dastur maqsadidan foydalanish orqali mamlakatimiz bozorlarida arzon va sifatli mahsulotlar assortimentining ko'payishiga, aholining bandlik darajasining oshishiga va turmush farovonligining yaxshilashishiga, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti (YaIM)ning va valyuta zahirasining ko'payishiga zamin yaratadi. Albatta mahalliylashtirish dasturiga loyihalarni kiritish uchun ma'lum bir me'zonlar belgilangan. Ular bilan quyida tanishib chiqamiz:

  • mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliy xomashyoni mavjudligi;
  • mahalliylashtirish darajasi kamida 33 foizga yetishi;
  • mahalliylashtiriladigan mahsulotlarga ichki va tashqi bozorlarda talabning mavjudligi;
  • mahalliylashtiriladigan mahsulotlarga o'xshash import mahsulotlarining mavjudligi (yangi turdagi mahsulotlar mustasno);
  • mahsulotlar uchun iste'molchilar bilan shartnoma va bitimlarning mavjudligi;
  • mahalliylashtiriladigan mahsulotlarning narxlari import tovarlari narxlaridan past bo'lishi zarur.

Belgilangan mezonlarga javob beradigan loyihalar mahalliylashtirish dasturiga kiritiladi hamda davlat tomonidan moliyaviy va soliq imtiyozlari beriladi. Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarga Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi va undan past bo'lgan qiymatlarda imtiyozli kreditlar ajratiladi. Shuningdek mahallishlashtirish dasturiga kiritilgan korxonalarga mahallashtirilgan mahsulotlardan olingan foydadan to'lanadigan foyda solig'i va yagona soliq to'lovi, mol-mulk solig'i hamda mahalliylashtiriladigan mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun chetdan xarid qilingan texnologiyalar uchun bojxona to'lovlaridan ozod qilinadi.

Xulosa qilib aytadigan bo'lsak mahalliylashtirish dasturi mamlakatimiz iqtisodiyotining o'sish omillarining barqarorligini saqlashga, ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar assortimentining ko'payishiga hamda jahon bozorida mamlakatimizning o'rnini mustahkamlashga, tarmoqlar va hududlararo sanoat kooperatsiyasini yanada takomillashtirishga, mahalliy xomashyo rusurslari negizida yuqori texnologiyali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish tizimini rivojlantirishga, milliy valyuta xarid qobiliyatini o'stirish va valyuta kursi darajasini maqbullashtirishga, yangi ish o'rinlarining yaratilishiga hamda eng asosiysi mamlakatimiz aholisining turmush farovonligining oshishiga xizmat qiladi.

P/s: Agar sizlarning Sahar maktabi kurslarida taklif qilgan loyihalaringiz yuqoridagi talablarga javob beradigan bo'lsa O'zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining joylardagi markazlari hamda O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirliginig viloyat boshqarmalari va tuman bo'limlariga murojaat qilishingiz mumkin. Shuningdek quyidagi ssilka yordamida ma'lumot olishingiz mumkin. http://mineconomy.uz/uz/node/385

Matyakubov Ergash - Sahar maktabi a'zosi.

Izohlar

Matyakubov Ergash's picture
2015 йил 11 февралидаги Ўзбекистон Республикаси Президентининг “2015—2019 йилларда тайёр маҳсулотлар, бутловчи қисмлар ва материаллар ишлаб чиқаришни маҳаллийлаштириш давлат дастури тўғрисида”ги ПҚ-2298-сонли қарорини айтиб утиш эсдан чикибди. Lex.uz сайти оркали кучириб олиш мумкин. Махаллийлаштириш буйича саволлар булса мархамат кутаман.
HappyMan's picture
Жуда ҳам яхши блог бўлибди. Бизда бирор ишни бошлашдан олдин Давлатимиз устивор йўналишларини ва давлат дастурларини ўрганиб чиқиш фойдадан холи бўлмайди, аксинча яхши йўналишлар топиш мумкин.
Elyorbek0515's picture
Mahalliylashtirishning shunday muammolari borki bu muammolarni echimi siz yoki men umuman bizga bog'liq emas. Qonunchilik, hom ashyo undan tashqari investitsiyalar muammolaro ko'ndalang turadi. P.S Rasm men ishlaydigan korhona saytidan olingan shekilli. Bu aynan bizning korhonamiz! Rasmni ko'rib fahrga to'ldim.
Usmonov Faridjon's picture

Haqiqatda anchayin samarador blog yaratilibdi juda xursand bo'ldim