Kurs forumidagi mulohazalar

Hozirgi kunga qadar maktabimiz taklif qilgan kurslardan biri bu Ijtimoiy Korxonalarni Moliyaviy Boshqarish kursi bo’lib, uning birinchi sinov kursi yaqinda o’z nihoyasiga yetdi. Kursda ishtirokchilar ijtimoiy korxonani samarali tashkil etish va boshqarishni o’rganishadi. Kurs davomida farg’onalik Sharofiddin kursning ichki sahifasida yangi forum mavzusi ochish taklif bilan chiqdi va korxonaning ijtimoiy jihatining muhimligi hamda ijtimoiy tadbirkorlar nimadan ilhomlanishi haqida qizg’in muhokama olib bordi.

Forumni ochishdan asosiy maqsadimiz,deydi Sharofiddin, atrofga teran nazar solish. Faqatgina o'zimiz haqimizda o'ylaydigan bo'lsak, o'zimizning rivojlanishimizni, kamchiliklarimizni bartaraf etishni o'ylaydigan bo'lsak, oddiy, o'z foydasini o'ylaydigan tadbirkordan nima farqimiz qoladi?

Sharofiddin ikkita maqsadni ko’zlagan korxonalarga misol keltirib, David Katz ochgan kompaniya haqida gapirdi. Katz ochgan korxonaning asosiy maqsadi atrof-muhitni tozalash, lekin bundan unga nima foyda, deb so’roqqa tutadi Sharofiddin. David Katzning javobi esa shunday: “Men bu korxonada okeandagi axlat chiqindilaridan har xil turdagi buyumlarni yasamoqchiman va buni amalga oshiryapmiz. Biz axlat chiqindilarini qayta ishlab, ulardan har xil turdagi plastik idishlar, moshinalar shinalariga rezina mahsulotlari va shunga o'xshash buyumlarni ishlab chiqaryapmiz! Buning insoniyatga ham tabiatga ham katta foydasi tegadi. Biz suv osti dunyosini saqlab qolamiz va ekologiyaning buzilishiga yo'l qo'ymaymiz!” 

Mahalliy ijtimoiy korxonalar haqida gapira turib, Sharofiddin Mo‘ynoqda yangi ijtimoiy korxona - “Qaraqalpaq Sheberi Manzura” (Manzura Qoraqalpoq chevari) mas’uliyati cheklangan jamiyati tikuv va to‘quv sexi haqida gapirdi. Ma’lum bo’lishicha, bu ijtimoiy korxona Mo‘ynoq tuman hokimligi va BMT TDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda “Keuil Nuri” NNTsi va Mo‘ynoq tuman Xotin-qizlar qo’mitasining hamkorligida tashkil etilgan.  Unga nogironligi bor fuqarolar Manzura Yerniyazova va Marat Tuksanbayevlar ta’sischilar bo‘lishgan.

Bu ijtimoiy korxonanning maqsadi: jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga yangi ish joylari tashkil etish; ijtimoiy hamkorlik va aholining zaif qatlamini bandligini ta’minlash borasida bilim, tajriba va ma’lumotlar almashish; nogironligi bor odamlarni kasbga o‘qitish va ochiq mehnat bozoriga jalb etish; ularga moliyaviy va moddiy ko‘rinishdagi ijtimoiy yordam ko‘rsatishdan iborat. Bugungi kunda ijtimoiy korxona jami 21 ishchi-xodimni (bundan 19 nafari ayollar), jumladan 11 nafar nogironligi bor odamlarni ishga qabul qildi.

Muhokamalar davomida ijtimoiy korxona va loyihalar uchun ko’ngillilarning mehnati katta yordam ko’rsatishini aytib o’tdi. Yana bir ishtirokchi chet elda ko’ngillilarning mehnati turlicha shaklda bo’lishi va unga ijobiy yondashish ijtimoiy korxona yoki loyiha egasiga bog’liqligini ta’kidladi. Qahramonimiz Sharofiddin esa O’zbekistonda ham ijtimoiy loyihalar turli ijobiy shakllarda kengayayotganini aytib, Farg’onada o’zi qatnaydigan "Next generation English discussion club" ingliz tilida suhbatlashish guruhi haqida gapirdi. Sharofiddinga ko’ra, mazkur guruh barcha uchun bepul va u yerda o’qituvchining o’zi yo’q. Ya’ni, barcha guruhdoshlar o’z bilganlaricha bir-birlari bilan ingliz tilida suhbatlashishadi va bilganlarini boshqalarga o’rgatishadi. Sharofiddinning aytishicha, u guruhga qatnashni boshlashidan oldin ingliz tilini mukammal egallagan bo’lsada, bu tilda yaxshi suhbatlasha olmas edi. Ikki oy mazkur guruhda ko’ngilli sifatida qatnashi natijasida ingliz tilida suhbatlashish ancha osonlashdi. Endi o’z navbatida Sharofiddin guruhga yangi qo’shilganlarga o’zi boshqalardan o’rganganlarini bo’lishyapti.

Bu misollardan ilhomlangan boshqa kurs ishtirokchilari ham ijtimoiy korxona yoki loyihani boshlashda maqsadning muhimligiga urg’u berishdi. Kurs ishtirokchisi Hamida esa hech bir vaqosiz ijtimoiy loyihalarni boshlagan ijtimoiy tadbirkorlar o’ziga o’xshagan yoshlarni ilhomlantirishini aytib o’tdi. Yana bir ishtirokchimiz Ikram, inson muvaffaqiyatga erishish uchun harakat va yana harakat kerak, dedi, bu yo'lda yiqilganda ham o'zimizni o'nglab yo'limizni davom etish uchun o'zimizda katta kuch topa bilishimiz kerak!”

Shunday qilib, kursimiz bir xil fikr va intilishlarga ega yoshlarni birlashtirib, ularga bilim va ko’nikmalarni almashish uchun keng o’rin ajratib berdi. Kursimiz ishtirokchilarining kelajakda ham bunday muhokama va almashinuvlarni davom ettirishiga hamda eng muhimi, ijtimoiy muammolarga yechim topish uchun  birgalikda bosh qotirishiga ishonamiz.