Ish qidirayotganlar uchun yo‘riqnoma

Bugun siz uzoq kutgan kun. Siz oliy o‘quv yurtini tamomlab, diplomingizni qo‘lga oldingiz. Keyingi harakatlariningiz kelajakdagi karyerangizni yo‘lga qo‘yish va mutaxassisligingiz bo‘yicha ish topishdan iborat. Albatta, bu siz o‘ylagandan ko‘ra ancha qiyinroq kechishi mumkin. Nima uchunligini bilasizmi? Ushbu muammoni tahlil qilishga va bitiruvchilar ko‘p yo‘l qo‘yadigan xatolarni ko‘rsatishga harakat qildim. Bu shunchaki o‘z tajribamdan kelib chiqib yozgan fikrlarim. Ushbu muammoni sabablarini ob’yekiv va sub’yektiv sabablarga bo‘ldim. Keling ularni ko‘rib chiqsak.

Ob’yektiv sabablar
Birinchi sabab, bitiruvchilar o‘rtasidagi raqobatning kuchliligi. Agar, bir necha yil oldin oliy o‘quv yurti diplomi o‘z sohangiz bo‘yicha ish lavozimini kafolatlagan bo‘lsa, bugungi kunda bu yetarli emas. Chet el mamlakatlaridagi o‘qishning yangi imkoniyatlari, ta’til vaqtidagi malaka oshirish uchun maxsus kurslar, ish beruvchilarga yangicha tanlash huquqini beradi. Shunchaki oliy o‘quv yurti bitiruvchisi bo‘lish yetarli emas. Ish joyiga tez ko‘nikib ketish va soha bo‘yicha yetarlicha tajribaga ega bo‘lish bugungi kunda sizni nomzodlar orasida ajratib turadi. Bitiruvchi o‘z diplomiga oid tajribaga ega bo‘lishi haqida gapirilishi shart emasdir.

Xulosa - haqiqatdan ham yaxshi o‘qishingiz va o‘qish davomida o‘zingizga nisbatan yuqori talablarni qo‘yishingiz kerak. Har qanday ish beruvchi yoki korxona rahbari bilimlari to‘liq nomzod bilan shunchaki diplom uchun o‘qigan bitiruvchini farqiga boradi. Faqatgina o‘quv dasturlariga kiritilgan fanlar bilan chegaralanmang. O‘z sohangizni yetuk mutaxassisi bo‘lishingiz uchun, maxsuslashtirilgan seminarlar va treninglarga yoziling. Bu o‘z navbatida sizning omadli startingizga o’z ta’sirini ko‘rsatadi. Unutmang, siz bilan birga turli oliy o‘quv yurtlarini deyarli minglab bituruvchilar tamomlaydilar. Shuning uchun, o‘zingizni ajratib turuvchi taraflaringiz ustida ishlang.

Ikkinchi sabab, jahon iqtisodiy tangligi (krizisi)dir. Ha, hozirgi kunda hech kimga oson emas. Ammo, hayot davom etadi! Iqtisodiy tanglik, nomzodlar orasidagi raqobatbardoshlilikni oshirdi, ammo karyera qurishning umumiy qoidalariga o‘zgartirish olib kirganligi yo‘q.

Xulosa - yuqorida ta’kidlanganidek, o‘z “Mutaxasissligingiz qiymati”ni ish startidayoq oshirishni boshlang. Atrofingizdagilar (diplom bilan teng) qo‘shimcha diplom va sertifikatlar bilan “o‘sishayotgan” vaqtda, sizga ham ularga yetishishga nima xalaqit beradi? Dam olishga ulgarasiz hali. Unutmang, bundan oldingi dekadalarda karyerani bir necha o‘n yilliklar davomida qurishgan bo‘lsa, bugungi kunda u 20-25 yoshingizga kelib o‘z kelajagingizni aniqlashingiz mumkin. Ushbu sertifikatlarga misol sifatida CAP, CIPA, CFL larni keltirish mumkin. Ular bugungi kunda deyarli oliy o‘quv yurti diplomi bilan teng kuchga ega.

Sub’yektiv sabablar
Birinchi sub’yektiv sabab, Oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari o‘z pozitsiyalarini keragidan yuqori darajada baholab ko‘rsatishidir. Har qanday yutuqning zamirida MEHNAT yotadi. Institut partasidan darrovgina rahbar kursisiga o‘tirishning iloji yo‘q. Bitiruvchilarning rezyumelari analizi natijasi sarhisobi deyarli 80% rezyumeda ko‘rsatilgan lavozimlar bu rahbar kursisi bilan bog‘liq lavozimlardir. Tajribada esa bu kabi nomzodlarning ishga qabul qilinish koyfitsiyenti juda past ekanligini ko‘rsatadi.

Xulosa - realist bo‘ling. Rahbarni o‘z ambitsiyalaringiz bilan qo‘rqitish o‘rniga imkoniyatlaringizni real baholaydigan lavozimni ko‘rsating. Shu bilan birga, rezyumeda kuchli taraflaringizni ko‘rsating va rezyumengizda sertifikatlaringiz nusxalaridan porfoliyo qo‘shing. Unutmang, ish beruvchi yosh, energiyali, yangi fikrlay oladigan yoshlar uchun doimo lavozim topiladi, shunchaki vaqt o‘tishi va tajribaga ega bo‘la borishingiz bilan lavozim kursisidan ko‘tarilishni boshlaysiz. Shunchaki, tajriba-vaqt va intilish bilan bog‘liq.

Ikkinchi sub’yektiv sabab, hattoki eng iste’dodli bitiruvchilar ham ba’zida o‘quv yurtlarini bitirib “talabalik hayoti” tugaganligini unutib qo‘yishadi. Darsga kech qolishga yoki darsni sababsiz qoldirish kabi odatlarni yangi ish lavozimida qo‘llamaslikka harakat qilish kerak.

Xulosa - karyera qurishni boshlagan ishchi uchun bor kuchi va patensialini faqatgina ishga qaratishligi zarur. Unutmang, rahbar bu xatolaringizni kechiruvchi o‘qituvchi emas. Suhbatga bir marotaba kech qolsangiz- birinchi imkoniyatingizni, agar suhbat davomida ortiqcha ishonch yoki ishonchning yetishmasligi ham – ikkinchi imkoniyatingizni yo‘qotishga olib kelishi mumkin. O‘z imkoniyatlaringizni yo‘qotmang, katta hayotga baravar qadam qo‘yishdan qo‘rqmang. Shundagina, karyerangizni boshidan va xatolarsiz qura olasiz. Yana o‘z tarjibamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, hech kimdan hech narsa kutmang. Har bir yutuq yoki xatoga o‘z kuchingiz bilan erishingiz muhim. Tajribani faqatgina bir necha urunishlardan so‘ngina yig‘a olasiz. Yana hech nimani kutib o‘tirmang: institutni bitirishingizni, ta’til boshlanishini yoki boshqa shu kabi bahonalarni. O‘z ustingizda tinimsiz ishlang. Shundagina siz ish beruvchi oldiga emas, ish beruvchi sizning oldingizga ish taklifi bilan keladi.

Kelajakdagi ishlaringizga omad tilab,

Oygul RUSTAMOVA

 

Izohlar

Ibrohimjon Mahmudjonov's picture
haqiqatdan ham shunday, bitiruvchilar oliy o`quv yurtini tamomlayotgan davrdayoq qaysi korxonaga ishga borishlari kerakligini, qayerda ishlashga qiziqishlarini aniqlab olishlari kerak,shundagini ular aniq maqsad sari harakat qilishadi, aytishadiku maqsad aniq bo`lsa marra bir qadam, tinimsiz harakat va mehnat lbatta o`z samarasini beradi.