Benchmarking – iqtisodiy tahlilning yangi usuli

Erkin raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning asosiy maqsadi jahon standartlari talablariga to‘la javob bera oladigan yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish va o‘z mahsulotlarining hayotiylik siklini uzaytirishdan iboratdir. Bu jarayonlarni samarali tashkil qilishda korxonalarda boshqaruv tahlili va marketing yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lishi talab etiladi. Jahon amaliyotida marketing faoliyatini tahlil qilishda yangidan-yangi usullar ishlab chiqilmoqda va ular amaliyotga tatbiq etilmoqda. Ushbu tahlil usullaridan biri Benchmarkingdir.

Benchmarking – xo‘jalik yurituvchi sub’ektning o‘zi ishlab chiqarayotgan mahsulot yoki xizmatlarining srtukturaviy tarkibi, sifati va boshqa omillarni boshqa raqobatdosh korxonalar mahsuloti va xizmatlari bilan taqqoslash imkonini beradigan tahlil usulidir. Benchmarking tahlil usuli 1972 yil AQShning PIMS konsalting tashkiloti tomonidan yaratilgan. 1979 yildan boshlab AQShning XEROX kompaniyasi Yaponiya mamlakati tashkilotlari bilan hamkorlikda Benchmarking loyihasini xarajatlar va tovarlar sifatini tahlil qilish maqsadlarida butun dunyo mamlakatlariga realizatsiya qilishni boshlagan. "Benchmarking" atamasi inglizcha bench – o‘rin, joy, to mark – belgilamoq so‘zlari birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, korxonaning ichki imkoniyatlari va bozor mexanizmi omillarini hisobga olgan holda maqbul mahsulot chiqarish hamda sotish hajmini belgilash, ya’ni bozordagi o‘z o‘rnini aniqlash usuli hisoblanadi.

Benchmarking tahlili uzoq muddatli istiqbolli tahlil bo‘lib, u ma’lum bir faoliyatni emas, balki korxonaning butun faoliyatini chegaralanmagan muddat davomida tahlil qilishda foydalaniladi. Benchmarking tahlilidan ko‘zlangan asosiy maqsad quyidagilar:

  • Korxona faoliyati rentabelligi va samaradorligini oshirish;
  • Tezkor qarorlar qabul qilish va ularni o‘zgartirish;
  • Egiluvchan maqsadlarni o‘rnatish;
  • Innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • Doimiy ravishda korxonani barqaror sur’atlarda saqlash;
  • Raqobatdosh sub’ekt tashkil qilish;
  • Korxonaning bozordagi saviyasini kengaytirish;
  • Jaxon standartlariga nisbatan o‘z faoliyatiga baho berish;
  • Bozordagi holatlarning o‘zgarishiga qarab qo‘shimcha qabul qilish imkonini yaratish kabi maqsadlari mavjud.

Benchmarking tahlili uchta bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqich – rejalashtirish bosqichi bo‘lib, ushbu bosqichda asosiy strategiyani aniqlash, benchmarking guruhi a’zolarini saylash, ma’lumotlar bazasini yaratish, benchmarking turini aniqlash kabi ishlar qilinadi. Ikkinchi bosqich – tahlil bosqichi bo‘lib, ushbu bosqichda benchmarking bo‘yicha hamkorlarni tanlash, yig‘ilgan ma’lumotlar asosida reja tayyorlash, yangi g‘oyalarni izlash va hamkorlar bilan ma’lumotlar almashish, olingan natijalarni tahlil qilish va zaruriyat bo‘lganda ularga o‘zgartirish kiritish orqali rejani tuzish amalga oshiriladi. Uchinchi bosqich – tuzilgan rejani korxona faoliyatiga tatbiq qilish bosqichi. Ushbu bosqichda korxona tomonidan faoliyat ob’ektiga kiritilgan tavsiyalar va o‘zgartirishlarning samarasi yuzasidan boshqaruv va monitoring ishlari olib boriladi.

Jahon amaliyotida benchmarkingning to‘rtta turidan keng foydalaniladi. Ichki benchmarking – bu korxona ichki jarayonlarini solishtirish orqali amalga oshiriladigan benchmarkingning bir turi hisoblanadi. Tahlil ob’ekti sifatida joriy va o‘xshash jarayon (mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish) lar tanlanadi. Ichki benchmarkingda ma’lumotlarni yig‘ish oson, lekin omillarni taqqoslash imkoniyatlari cheklangan bo‘ladi. Raqobat asosida tuziladigan benchmarking – bu korxonaning mahsulot ishlab chiqarish, xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi mahalliy, regional hamda xalqaro bozordagi raqobatdoshlarining mavjud bozor imkoniyatlari bilan o‘z ichki imkoniyatlarini taqqoslashda qo‘llaniladigan benchmarkingdir. Benchmarkingning ushbu turida korxonaga raqobatdosh bo‘lgan korxonalarning bozorda tutgan o‘rniga baho beriladi hamda tegishli boshqaruv qarorlari qabul qilinadi. Funksional benchmarking – bu bir korxona faoliyatini boshqa tarmoqdagi korxona faoliyati bilan taqqoslash imkonini beruvchi benchmarking turidir. Benchmarkingning ushbu turida korxona uchun ob’ektiv va muhim ma’lumotlarni ahloqiy va qonuniy usullar yordamida olish imkonini beradi. Umumiy benchmarking – bu korxonaning butun faoliyatini qamrab olgan holda tahlil qilinadigan benchmarking turi bo‘lib, undan korxona uchun eng samarali faoliyat turini aniqlash va istiqbolli rejalarni tuzishda foydalaniladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, raqobatdosh iqtisodiyotni shakllantirish sharoitida mazkur tahlil usulini milliy iqtisodiyotdagi korxonalar faoliyatida ham qo‘llash davrning dolzarb talablaridan biridir. Umid qilamizki, ushbu tahlil usuli kutilgan ijobiy natijalarni beradi.

Matyakubov Ergash - “Hamkorbank” ATB menejeri

Xakimov Bunyod Jurayevich – Iqtisod fanlari nomzodi, professor Toshkent Moliya Instituti Moliyaviy tahlil kafedrasi mudiri.