7-aprel - xalqaro salomatlik kuni. Qachon velosiped minamiz?

Yirik korxonada rahbar bo'lib ishlaydigan, salobatli qo'shnimizning negadir na shaxsiy va na xizmat mashinasidan foydalanmay qo'ygani, "dom"imizdan besh-olti bekat naridagi ishxonasiga yayov qatnayotganini ko'rgan qo'ni-qo'shnilar bu holni o'zlaricha izohlay boshlashdi. Biroq ko'p o'tmay uning o'zi barcha "mish-mish"larga chek qo'yadigan asl sababni aytdi: "Bo'g'imlarim zirqiraydi, yurak qurg'ur ham pand bera boshladi. Shifokorlar ko'proq toza havoda piyoda yuring, kamharakat bo'lmang, aks holda sog'liqni boy berasiz, deyishdi".

Qo'shnimizning u ish bu vajini uyimizdagilardan eshitib, ko'pqavatli binolarda yashovchilarning sog'lig'i haqda o'ylanib qoldim. Chunki bu muammo ko'p qatori menga ham tegishli. Shu bois oxirgi marta qachon bamaylixotir piyoda yurganimni xayolimga keltirmoqchi bo'ldim, biroq eslolmadim. "Dom"dagilarning turmush tarzini o'zimcha tasavvur etib ko'rdim: kamharakatlilik, turg'un hayot tarzi deyarli hammamizga xos. Ishonmaysizmi? Mana qarang, ertalab turib badantarbiya qilishga odatlanganlar ko'pchilikni tashkil etadi, deyolmayman. Vaqt ziqligidan nonushtaga-da zo'rg'a ulguramiz ba'zida. Shosha-pisha uydan chiqamizu mashinamizga o'tiramiz yoki bo'lmasa yaqindagi bekatdan transportga chiqamiz. O'qish yoki ish joyiga kelgach, to'rt devor ichida o'qib, ishlab kunni o'tkazamiz. 

Qosh qorayganda uyga kelamizu, televizorga ko'z tikib ovqatlanamiz, keyin uxlagani yotamiz. Odatda, shaharda yashovchilarning kuni shu zaylda o'tadi. Dam olish kunlari-chi, dersiz. U kunlar yo to'y-hasham, mehmondorchilikka boramiz-da (piyoda emas, albatta) yeymiz-ichamiz yoki uzzukun divanga yastanib televizor ko'rib hordiq chiqaramiz. Oylar, yillar shu tahlit o'tayapti. Yugur-yugur bilan shivalab yog'ayot-gan yomg'irni, barglarning alvon tusini, birinchi qorni, nish urgan ilk maysalarni payqamaymiz hatto. Fursat yo'q, yumush bisyor, deb oqlaymiz-da o'zimizni. Ammo shu yo'sindagi o'ta kamharakatli turmush tarzi sog'lig'imizga qanchalik ziyon yetkazayotganini hech o'ylab ko'rganmisiz?

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, umurtqa kasalliklari, yurak-qon tomir tizimidagi muammolar, immunitet zaiflashishi, ortiqcha vazn, surunkali charchash singari bir qator xastaliklarning paydo bo'lishiga aynan kamharakatlik zamin yaratar ekan. Aniklanishicha, qandli diabet ham nisbatan ko'proq harakatsiz turmush tarziga odatlanib qolgan odamlarda uchrarkan. Eng yomoni, bu kasalliklar vaqt o'tishi bilan bezovta qila boshlaydi. Shuning uchun ularga qarshi kurashni kishi yosh chog'idan boshlasa maqsadga muvofiq bo'larkan.


Afsuski, ota-onalar farzandlarini bilib-bilmay dangasalikka o'rgatib qo'yishadi. Erkatoyini bir qadam naridagi maktabga yo bog'chaga mashinada olib boradi, vaqt topsa olib qaytadi. Bunday doimiy g'amxo'rlik bilan hali suyagi qotmagan bolani kamharakatlikka ko'niktirib qo'yish hech gap emas. To'g'ri, vaktni tejash, og'irni yengil, mushkulni oson kilishda avtoulovlarga teng keladigani yo'q. Qolaversa, ularning ko'payishi farovonlikning, taraqqiyotning bir belgisi. Birok mashinalarning shahar havosining ifloslanishigs qo'shayotgan "hissa"sidan ham ko'z yumib bo'lmaydi. Keng, ravon ko'chalarimizni to'ldirib yurgan transport vositalaridan chiqayotgan zaharli tutunlardan shahar ekotizimi ham, aholi ham birday aziyat chekadi. Aslida bu jahondagi barcha yirik shaharlarning dolzarb muammosi. Boz ustiga, bir kunda ikki-uch kilometr piyoda yurishni xayoliga ham keltirmaydigan, aksincha, avtoulovlarga "qaram" bo'lib qolgan shaharliklarning kamhara-katlikka moslashib qolayotgani tashvishli hol emasmi?

Xo'sh, ushbu muammoning, jilla qurisa, biroz oldini olishning iloji bormi? Ehtimol transport vositalarini zararsizrog'iga almashtirish samara berar? Masalan, velosipedlarga. Ko'pgina rivojlangan davlatlarda bu ikki oyoqli uskunadan allaqachon har kuni ishlatiladigan transport vositasi sifatida keng foydalaniladi. Unda ishga, o'qishga, do'konga, sayrga borish odatiy hol. Bizda velosipedni, ayniqsa, o'quvchi-yoshlar orasida ommalashtirilsa o'rinli bo'lardi.

Avvalo, velosipedlar atrof-muhit uchun beziyon. Bundan tashqari, bilamizki, uni haydash jismoniy kuch talab qiladi. O'quvchi-yoshlar orasida esa hammaning ham sport to'garaklariga qatnashishga xohishi yoki imkoniyati bo'lmasligi mumkin. Maktabga borish va qaytishda velosipeddan foydalangan o'quvchi yoki talaba organizmi uchun zarur bo'lgan bir kunlik harakatni amalga oshiradi. Kunning asosiy kismini sinfxonada yoki auditoriyada o'tirib aqliy mexnat bilan o'tkazadigan yoshlar uchun bu ayni muddao emasmi? Shu tarika yoshlikdanoq muntazam harakatda bo'lishga ko'nikish mumkin. Serharakatlik ularda keyinchalik uchraydigan turli xil xastaliklarning oldini olishini hisobga olsak, yoshlarga velosiped haydashni targ'ib etish orqali ularni sog'lom turmush tarziga undagan bo'lamiz.

Albatta, velosiped haydashni ommalashtirish uchun yo'llarning ikki chetida maxsus yo'laklar zarurligini xam ta'kidlab o'tish joiz. Bunday yo'laklar velosipedlarning boshqa transport vositalariga va piyodalarga xalaqit bermasligi hamda xavfsizlik nuqtai nazaridan ham zarur. Bundan tashqari, ko'pqavatli turarjoy binolari, o'quv maskanlari, idoralar, do'kon va bozorlar yonida velosipedlarni qo'yish uchun ham maxsus joylar ajratish lozim... Demak, bu borada qilinajak ishlar talaygina.

Nima bo'lganda ham, tuman boyligimiz bo'lmish sog'liqni, ona shahrimiz havosining musaffoligini saqlash o'z qo'limizda. Bugun farzandining sog'lom o'sib voyaga yetishini o'ylaydigan ota-ona unga qimmatbaho telefon olib bergani ma'qulmi yoki velosiped?.. O'zimiz-chi, qachon oxirgi marta to'rt-besh bekatni yayov bosib o'tganmiz yoki velosipedda sayr qilganmiz? Harqalay, hozir ayni vaqti: kuz tarovatini mashinayu avtobuslardan qarab tuyib bo'lmasa kerak.

Mohira OTABOEVA, talaba

«O'zbekiston adabiyoti va san'ati» gazetasi, 2011-yil, 11-noyabr

Maqola O'zbekiston Respublikasi Madaniyat va Sport ishlari Vazirligi vebsahifasidan olingan.