Biz haqimizda

Masofa muammo emas - ilm joy ham tanlamas,

Dunyo bilan aloqa - "Sahar" bilan hamnafas.

“Sahar” ijtimoiy tadbirkorlik maktabi masofaviy ta’lim maskani bo’lib, ishtirokchilarga yuqori sifatli va zamon talabiga mos o'zbek tilidagi o'quv resurslarini taqdim etadi. “Sahar” maktabining asosiy maqsadi yosh va ishtiyoqmand yetakchilarga ijtimoiy tadbirkorlik sirlari va boshqaruv tajribalarini o'rgatishdan iborat.  Maktab tomonidan taqdim etilayotgan bepul kurslar xalqaro standartlar asosida yaratilgan, mahalliy sharoitga moslashtirilgan hamda O'zbekistonda va rivojlangan davlatlarda erishilgan ilg'or tajribalar misollari bilan boyitilgan.

Maktabda kurslar onlayn tarzda o’tkaziladi. Kursga ishtirokchilar o’zlariga qulay vaqtda Internetga kirib, kurs hamda Maktab resurslaridan foyldananishi mumkin. Kurs so’nggida ishtirokchilarga sertifikat beriladi hamda bitiruvchilar qo'llarida amalga oshirishga tayyor bo'lgan ijtimoiy tadbirkorlik loyihasi bilan o'qishni tamomlaydi. 

Maktab faqat onlayn kurslar taklif etish bilan cheklanib qolmay, maktab bitiruvchilarining tarmog’ini shakllantirish uchun Sahar Ijtimoiy Tadborkorlik Klubini (SITK) joriy qilgan. Klubda ishtirokchilarning loyihalariga amaliy va nazariy yordam berish bilan bir qatorda, har oyda bir marta klub a’zolari qiziqqan sohada yoki shaxslar bilan onlayn suhbatlar o’tkaziladi. Bundan tashqari, klub a’zolari o’rtasida eng yaxshi loyiha, tashabbus va blogpostlar bo’yicha tanlovlar o’tkaziladi.

Sahar maktabi O’zbekistonda va dunyoning turli rivojlangan davlatlarida ta’lim olgan, tajriba orttirgan hamda ishtiyoqmand yoshlar tomonidan ko’ngillilik asosida tashkil etilgan. Maktab jismoniy makonga ega emas, u dunyoning turli davlatlarida yashayotgan ko’ngillilar tomonidan boshqariladi.

Maktab ijtimoiy tadbirkorlik, yetakchilik va rahbarlik hamda boshqaruvga oid resurslarga boy bo’lib, ularning barchasi o’zbek tilida taqdim etiladi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning til tanlovlariga qarab resurslar ingliz va rus tillarida ham tayyor holatga keltiriladi.

Shu o’rinda ijtimoiy tadbirkor tushunchasiga oydinlik kiritishni lozim topdik. “Ijtimoiy tadbirkor” - bu o'z atrofidagi ijtimoy zarurat va ehtiyojlarga sezgir bo'lgan va ushbu zaruratlarga innovatsion va turg'un yechim topa olib, ularni amalga oshira olgan insondir. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy tadbirkor boshqalar faqat muammoni ko'rgan joyda imkoniyat ko'radi va ushbu imkoniyatlarni butun jamiyatga foyda olib keladigan loyihalarga aylantiradi.

Missiyamiz: O'zbek tilida ijtimoiy tadbirkorlik bo'yicha zamonaviy usulda bilim va ko'nikma berish. Yosh yetakchilarning ijtimoiy ehtiyojlarga yechim bo'ladigan innovatsion g'oyalarini rivojlantirishga ko'maklashish.

Oliy maqsad: Bizning kundan-kunga o'sib borayotgan ijtimoiy tadbirkorlik bo'yicha onlayn tarmog'imiz jamiyat uchun iqtisodiy farovon va ijtimoiy adolatli kelajakka hissa qo'shmoqda.

Maktab faoliyati bo'yicha maqolalar va xabarlar.

Sahar Maktabi o’z faoliyatini boshlaganiga ko’p o’tmagan bo’lsada sezilarli natijalarga erishdi. Ushbu natijalar maktabimiz olib borayotgan faoliyat haqiqatdan ham hozirgi zamon talablariga mos va muhimligidan dalolat beradi. Shu kungacha maktibimiz yuzdan ortiq o’zbek yosh yetakchilarga ijtiimoiy tadbirkorlik sirlarini o’rgatdi va ularga o’z loyhalarini yaratishga yordam berdi.

Kurslarimiz ishtirokchilari nafaqat O’zbekistonning barcha hududlarida, balki hozirda boshqa davlatlarda ham istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizdan iborat. Ularning hammasini tadbirkorlikka va ijtimoiy ehtiyojlarga yechim topish ishtiyog'i birlashtirib turadi. Davlatimizda Internet tarmog’i kengayib borgan sari bizning safimizga qo’shilayotganlarning soni ham ko’payib bormoqda. Shuni faxr bilan qayd etishimiz mumkinki, bizning safimizda chekka qishloqlarda yashaydigalar ham talaygina.

Shu kunga qadar Sahar Maktabi 12 ta bepul kursni taqdim etdi. Kurslarni dunyoning  yetakchi oliygohlarida tahsil olgan va katta tajribaga ega instruktorlar olib boradi. Ular tadbirkorlikka qadam qo’ygan yoshlarga:

  • yetakchilik va jamoani boshqarish;
  • ishonchli muloqot;
  • qaror qabul qilish;
  • menedjment;
  • loyihalarni dizayn qilish va boshqarish;
  • ish rejasi va byudjetni tayorlash;
  • monitoring qilish va hisobot tayorlash va shu kabi boshqa ko’nikmalarni o’rgatib kelishmoqda.

Sahar maktabi kurslarining bitiruvchilari deyarli barchasi o’zlarining innovatsion va jamiyat foydasini ko’zlagan loyihalarini ishlab chiqqan. Quyida esa ulardan na’munalar bilan tanishishingiz mumkin.

LOYIHALAR

 

Ta’lim sohasida: 

 

  • Inlyuziv ta’lim markazini tashkil etish, ya’ni jismoniy va aqliy imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatga qo’shilishini osonlashtirish va imkoniyatlar yaratish;
  • Qishloqda zamonaviy tusdagi maktabgacha tarbiya muassasaini ochish va bolalarda yoshligidan kerakli ko’nikmalarni rivojlantirish va chet tillarini ham o’rgatish;
  • Chekka joylarda chet tillarini o’rgatish markazlarini ochish;
  • Mahallada kutubxona va o’quvchi yoshlarga ko’ngillilar (volontyorlar) tomonidan darslar bilan yordam berish xizmatini tashkil qilish;
  • Mahallada bolalar uchun amaliy mehnat to’garaklarini tashkil etish;
  • Ko’zi ojizlar uchun kitoblar yaratish;
  • Ka’m ta’minlangan oilalardagi abiturientlar uchun oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bepul o'qishga tayyorlash kurslarini yaratish;
  • Oliygoh qoshida izlanishlar olib borish uchun texnopark tashkil qilish va shu kabi loyihalar.

Sog’liqni saqlash sohasida:

  • O’zbek tilida tibbiyotga oid ma’lumot portalini yaratish va sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish;
  • Psixologik konsultatsiya markazini tashkil qilish va onlayn tarzda ham aholiga maslahatlar berish;
  • Chekka qishloqlarda sport va sog’lomlashtirish muassasalarini ochish va boshqa shu kabi loyihalar.

Tabiatni asrash sohasida:

  • Mahalliy chiqindilarni qayta ishlash maskanini tashkil etish;
  • Mahalladagi energiyaga bo’lgan ehtiyojni qondiradigan biogaz ishlab chiqarish maskanini ochish;
  • Oliygohda chiqindilarni ajratish qutilarini o’rnatish va talabalarni chiqindilarni ajratishga o’rgatish;
  • Quyosh va shamol energiyasini ta’minlab beruvchi tizimni mahallada o’rnatish;
  • Kuz faslida to’planadigan xazonlarni ekologik usulda to’plab olib undan tabiiy o’g’it ishlab chiqarish;
  • Viloyat shaharlaridan birida eko-park tashkil etish;
  • Quyosh energiyasidan foydalanadigan arzon ro’zg’or qozonini ishlab chiqarish;
  • Eko turizmni tashkil etish va boshqa shu kabi loyihalar.

Tadbirkorlik va bandlik sohasida:

  • Chekka hududda non mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasini tashkil qilish va yoshlarni ish bilan ta’minlash;
  • Joylarda tashlandiq yerlardan foydalanib kichik ferma tashkil etish va yangi ish o’rinlarini yaratish;
  • Ta’biiy va shifobaxsh issiq yoki sovuq ichimliklarni ekologik toza idishlarda aholiga sotish;
  • Eko sumkalar ishlab chiqarish va qizlar uchun yangi ish o’rinlarini tashkil etish;
  • Mahalla aholisi bilan birgalikda bo’sh yerlarda bog’/issiqxona yaratish va undan mahalla ehtiyojlari uchun foyda to’plash;
  • Chekka hudud aholisi uchun veterinariya xizmatini ochish;
  • Banner va reklama vositalarini ishlab chiqarish va yoshlarni marketing va reklama ko’nikmalariga o’qitish;
  • LED nurlari yordamida quritilgan va vitaminlarini 80 % gacha saqlab qolgan mevalarni ishlab chiqarish. Ularni maktab va bog’chalarda tarqatish;
  • Mahalliy turistlar uchun arzon mehmonxonalar (hostellar) ochish va  joylardagi ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash;
  • Tumanda qarovsiz qolgan qariyalar va yordamga muhtojlar uchun transport (taxi) va mahsulot yetkazib berish xizmatini yaratish va boshqa shu kabi loyihalar.

Axborot texnologiyalari sohasida:

  • Onlayn tizimda, ya’ni masofaviy ta’lim berish portallarini yaratish;
  • Ekologik muammolarga bag’ishlangan Internet portalini yaratish;
  • Internetda savdo do’konini yaratish va aholiga, ayniqsa harakatlanishi cheklangan shaxslarga mahsulot va tovarlarni xarid qilishni osonlashtirish va yetkazib berish xizmatini ochish;
  • Kerak bo’lmagan buyumlarni almashish bo’yicha Internet portalini yaratish;
  • O’zbekistonda eko turizm uchun mo’ljallangan joylar to’g’risida ma’lumot portalini yaratish;
  • Viloyat shaharlari bo’yicha info portalni yaratish va unda barcha kerakli ma’lumot va  xaritalarni joylashtirish;
  • Chekka hudulardagi hunarmandlarning mahsulotlarini marketing qilish portalini yaratish va boshqa shu kabi loyihalar.

Boshqa ijtimoiy sohalar:

  • Dekret (onalik ta’tilida) bo’lgan ayollar uchun professional rivojlanish kurslarini tashkil etish va ularni malakalarini oshirishda ko’maklashish;
  • Turizm sohasini rivojlantirish uchun  gidlar maktabini tashkil qilish
  • Viloyatda biznes trenerlar klubini tashkil etish;
  • Viloyatda ijtomoiy tadbirkorlar klubini taskil etish;
  • Avtoyo’llar chiziqlari va yo’l chetidagi to’siqlar uchun qorong’uda yorishib turadigan maxsus bo’yoq (kraska) ishlab chiqarish va uni ayniqsa chekka qishloq joylarida ishlatish va boshqa shu kabi loyihalar.

Sahar kurslarini tamomlaganlariga ancha vaqt o’tmagan bo’lsada, bir nechta ishtirokchilar o’z loyihalarini amalga oshirishni boshlab yuborishdi. Misol sifatida Mansurning www.avitsenna.uz tibbiyotga oid portalini keltirsak bo’ladi. Sahar maktabi yosh ijtimoiy tadbirkorlarga o’z loyihalarini amalga oshirishlariga ham ko’mak beradi. Sahar Ijtimoiy Tadbirkorlar Klubida ular bir-birlaridan va alohida taklif etilgan mutaxassislardan maslahatlar oladilar. Shu kungacha 7dan ortiq tajribali mutaxassislar bilan onlayn suhbatlar tashkil etildi. Ularning orasida Google korporatsiyasida xizmat qilib kelayotgan vatandoshimiz Nodir Turaqulov, Germaniyada muqobil energiya bo’yicha izlanishlar olib borayotgan Ravshan Xo’janov va boshqa shu kabi ekspertlar bilan suhbatlar olib borildi. Mentorlik dasturiga ham 15dan ortiq tajribali mutahassislar ariza berganlar va ular yosh tadbirkorlarga birma-bir yordam berishga shay turibdilar.

Sahar Maktabi ijtimoiy muammolarga yechim topish uchun zamin yaratish maqsadida maktab safidagi a’zolar bilan birgalikda bir nechta onlayn aksiyalarni ham muvaffaqiyatli olib bordi. “Toza jamoat hojatxonalari xohlaymiz” va “Jamoat joylarida chekishga qarshimiz” mavzularidagi aksiyada yuzlab Internet foydalanuvchilar o’z firk va mulohazalari va yechimlari bilan faol qatnashdilar.

 

Ko‘p beriladigan savollarga javoblar. 

 

Sahar maktabi qanday maktab?

Sahar maktabi o’zbek tilidagi birinchi onlayn maktab bo’lib, ijtimoiy tadbirkorlikka oid turli onlayn kurslarni taqdim etadi. Maktab faoliyati haqida “Biz haqimizda” sahifasidan batafsil o’qing.

Sahar maktabining tashkilotchilari kim?

Sahar maktabi jamiyatimiz rivojiga hissa qo’shish istagida bo’lgan tajribali o’zbek mutaxassislar tomonidan tashkil qilingan va ularning kichik moliyaviy hissalari asosida yuritiladi . Maktab tashkilotchilari dunyoning turli davlatlaridan, jumladan O’zbekiston, Avstraliya, Yevropa davlatlari, Kanada va AQShdan turib faoliyat olib borishadi.

Sahar maktabi qayerda joylashgan?

Internet texnologiyalarining jadal rivojlanishi o’quv tizimining yangicha ko’rinishiga asos soldi va onlayn platformalarni tashkil qilishda jismoniy mazilga ega bo’lish ehtiyoji qolmadi. Bizning doimiy virtual manzilimiz www.saharschool.org, va email manzilimiz info@saharschool.org

Sahar maktabining asosiy maqsadi nima?

Sahar maktabining asosiy maqsadi o'zbek tilida menedjment va tadbirkorlik bo’yicha zamon talablariga mos qo’llanmalarni yaratish va qisqa muddatli kurslarni tashkillashtirish. Kurslarimiz yosh yetakchilar o’z innovatsion go’yalarini yaratishlariga zamin yaratadi.

Sahar maktabining xabarnomalariga qanday yozilsam bo’ladi?

Xabarlarga yozilish uchun Sahar maktabi vebsaytidan ro’yxatdan o’ting. Sahar maktabining vebsaytidan ro’yxatdan o’tgan barcha ishtirokchilar maktabning xabarnomasiga avtomatik ravishda yoziladi.

Maktabda qanday kurslar va dasturlar mavjud?

Maktabda o’qitiladigan kurslar bilan vebsaytimizning Kurslar bo’limida, dasturlar bilan esa Dasturlar bo’limida batafsil o’qing.

Men maktab faoliyatiga qanday hissa qo’shsam bo’ladi?

Maktabimiz volontyorlar uchun doimo ochiq! Siz maktab faoliyatiga hissa qo’shmoqchi bo’lsangiz maktab sayti uchun maqola, blog yoki ijtimoiy tadbirkorlik bo’yicha resurslar va qo’llanmalar yozishingiz, maktabning mentorlik (ustoz-shogirdlik) dasturida qatnashishingiz, Facebook sahifamizda faol ishtirok etishib, qiziqarli muhokamalarni olib borishingiz mumkin. Bulardan tashqari qo’shimcha takliflaringiz bo’lsa, maktab ma’muriyatiga info@sahartschool.org manziliga xat yuboring.

Saytga kirsih parolimni unutsam, uni qanday tiklayman?

Saytning bosh sahifasiga kirib “Parolni tiklash” so‘zini bosing va ro‘yxatdan o‘tish paytida kiritgan email, ya’ni elektron pochta manzilingizni kiriting. Parolni tiklash ko’rsatmalari sizga email orqali yuboriladi. Agar parolni tiklash bo’yicha muammo bo’lsa bizga info@saharschol.org manziliga xabar yuboring.

Kurslar pullikmi?

Yo’q, kurslar barchaga bepul

“Ijtimoiy tadbirkor” kim?

Ijtimoiy tadbirkor” - bu o‘z atrofidagi ijtimoy zaruratlar va ehtiyojlarga sezgir bo‘lgan va ushbu zaruratlarga innovatsion va turg‘un yechim topa olib, ularni amalga oshirgan insondir. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy tadbirkor boshqalar faqat muammoni ko‘rgan joyda u imkoniyat ko’radi va ushbu imkoniyatlarni butun jamiyatga foyda olib keladigan loyihalarga aylantiradi.

Saytga blog yozmoqchiman, qanday mavzuda bo’lishi kerak?

Maktab vebsayti uchun yoziladigan bloglar sog’liq, atrof-muhit muhofazasi, ta’limni rivojlantirish, tadbirkorlik va bandlik, axborot texnologiyalari va boshqa turli mavzular haqida bo’lishi mumkin.

Mavzularga izoh qoldirish uchun yoki ochiq muhokamalarda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tishim shartmi?

Ha, izoh qoldirish uchun saytimiz a’zosi bo‘lishingiz kerak